Ukraina prezidenti Reuters agentligiga bergan intervyusida Moskva bu resurslarni o‘z ittifoqchilari — Shimoliy Koreya va Eronga taqdim etishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
"Biz Putinni to‘xtatishimiz va o‘zimizga tegishli bo‘lgan barcha hududlarni himoya qilishimiz kerak, shu jumladan, markaziy Ukrainaning juda boy Dnepr mintaqasini ham" — deya ta’kidladi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Yevropadagi eng katta titan zaxiralariga ega bo‘lib, u aviasiya va kosmik sanoat uchun muhim hisoblanadi. Shuningdek, mamlakat yadro energetikasi va qurol ishlab chiqarishda ishlatiladigan uranga ham ega.
Zelenskiy Rossiya Sovet Ittifoqi davrida o‘tkazilgan geologik tadqiqotlar natijasida Ukraina hududidagi resurslar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lgani va 1991 yilda bu hujjatlar Moskvaga qaytarilganini ta’kidladi.
Zelenskiy nodir metallardan tashqari, Kiyev va Vashington Ukraina yer osti gaz omborlarini AQShning suyultirilgan tabiiy gazi uchun ishlatish masalasini muhokama qilayotganini aytdi.
"Biz bunga tayyormiz va Ukrainaga suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishni xohlaymiz. Ukraina butun Yevropa uchun gaz markaziga aylanishi mumkin", — deya qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.