Rossiya Bosh prokuraturasi Freedom Holding guruhi va uning asoschisi, Xalqaro shaxmat federasiyasi (FIDE) prezidenti Timur Turlovning mol-mulkini musodara qilish to‘g‘risidagi da’vo arizasini qaytarib oldi. Shuningdek, prokuratura kompaniyani ekstremistik tashkilot deb topish talabidan ham voz kechdi.
Avvalroq prokuratura Turlovning o‘ziga, Freedom Holding Corp., Freedom Finance Europe Ltd., W-Empirical Holding Corp. kompaniyalariga hamda tadbirkor Arkadiy Shukinga qarshi da’vo kiritgani xabar qilingan edi.
Taxminlardan biriga ko‘ra, prokuratura Turlov, Shukin va ular bilan bog‘liq kompaniyalarni ekstremistik deb topishga harakat qilgan. Bu esa milliarderning mol-mulkini musodara qilish imkonini berishi mumkin edi. Da’voning ehtimoliy sabablaridan biri sifatida Turlovning Ukrainadagi gumanitar loyihalarni qo‘llab-quvvatlagani ko‘rsatilgan.
Timur Turlov Moskvada tug‘ilgan. Biroq u 2022 yilda Rossiya fuqaroligidan voz kechib, Qozog‘iston fuqaroligini qabul qilgan.
Qozog‘istonning «Perviy Juz» Telegram-kanali da’voning qaytarib olinishini sharhlar ekan, Rossiya prokuraturasining Turlovga nisbatan da’volari nafaqat tadbirkorning o‘zi, balki kapitalini boshqa yurisdiksiyaga ko‘chirgan biznes vakillarining huquqiy himoyasi masalasiga ham daxldor ekanini ta’kidladi.
Kanal fikricha, bu voqea Qozog‘iston uchun ijobiy va salbiy jihatlarga ega.
Ijobiy tomoni shundaki, Astana xorijdagi yirik milliy tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish imkonini beruvchi ta’sir kanallariga ega bo‘lishi mumkin. Rossiya infratuzilmasi bilan iqtisodiy aloqalari mustahkam bo‘lgan, biroq boshqa xalqaro hamkorlar bilan munosabatlarini kengaytirishga intilayotgan Qozog‘iston uchun bu muhim omil hisoblanadi.
Salbiy tomoni esa shundaki, muayyan tadbirkorning aktivlari saqlanib qolishi biznes xavfsizligining institusional kafolatlari mavjudligini anglatmaydi. Agar bunday himoya mulkdorning siyosiy rahbariyat bilan alohida munosabatlariga bog‘liq bo‘lsa, siyosiy ta’sir imkoniyati cheklangan tadbirkorlarning huquqlari qanday himoya qilinishi haqida savol tug‘iladi.