Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Belarus hududiga ballistik raketa majmualarini joylashtirishni istashini ma’lum qildi. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukraina g‘arbiga havo hujumlarini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon Ukraina g‘arbi mamlakatning nisbatan xavfsiz hududlaridan biri bo‘lib kelgan. Shu sababli ko‘plab aholi ushbu mintaqalarga ko‘chib o‘tgan, korxonalar ham shu yerga joylashtirilgan.
Ukraina prezidenti mamlakat Rossiyaning uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) hujumlarini qaytarishda ham qiyinchiliklarga duch kelayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Starlink tizimi ishlash tezligiga qo‘yilgan cheklovlar Ukrainadagi dronlarni tutib qolish tizimlaridan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qilmoqda.
Zelenskiy Ukraina tomoni bu masalani AQSh vakillari bilan muhokama qilayotganini bildirdi. Amerika tomoni Starlink faoliyatidagi cheklovlarni texnik sabablar bilan izohlagan. Ukraina rahbari bu haqda jurnalistlar bilan WhatsApp orqali muloqotda ma’lum qilgan.
Shuningdek, Zelenskiy dekabr oyida AQShda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan «Katta yigirmatalik» (G20) sammiti doirasida Ukraina, AQSh va Rossiya o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi mumkinligini aytdi.
Biroq hozircha Moskva ham, Vashington ham bunday muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rilayotganini rasman tasdiqlamagan. Zelenskiy uchrashuv uchun muqobil joy sifatida Yevropaning biror davlati tanlanishi mumkinligini ham qayd etdi.