Bugun 27 iyul, 2026 yil, dushanba

КИР

Rossiya Armaniston mahsulotlariga nisbatan yangi cheklovlar joriy qildi

Rossiya Armaniston mahsulotlariga nisbatan yangi cheklovlar joriy qildi

Rossiya nazorat idorasi Armanistonning beshta ishlab chiqaruvchisi mahsulotlarini import qilishni taqiqladi. Shuningdek, veterinariya me’yorlari va fitosanitar xavflar bilan bog‘liq sabablarni keltirib, O‘zbekistonning ayrim pomidor eksportchilariga ham cheklovlar joriy etdi.

Rossiyaning qishloq xo‘jaligi xavfsizligi bo‘yicha agentligi Armanistondan sut mahsulotlari importini vaqtincha to‘xtatganini e’lon qildi. Bunga sanitariya talablari buzilgani va mahsulot yetkazib berish zanjirini kuzatish tizimida kamchiliklar aniqlangani sabab qilib ko‘rsatildi.

Bu qaror Moskva tomonidan yoz mavsumida Armaniston mahsulotlarini import qilish va tranzitiga nisbatan joriy etilgan cheklovlarning navbatdagisi bo‘ldi. Kuzatuvchilar bu choralarni so‘nggi vaqtlarda Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish harakatlarini kuchaytirgan Yerevanga nisbatan iqtisodiy bosim sifatida baholamoqda.

Rosselxoznadzor ma’lumotiga ko‘ra, seshanba kuni yakunlangan bir haftalik tekshiruv davomida Rossiyaga yuborilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishda kasal hayvonlar sutidan foydalanish holatlari aniqlangan.

Idoraning qayd etishicha, ayrim sut mahsulotlarida yog‘ miqdori me’yordan yuqori bo‘lgan, shuningdek, xomashyo uchinchi davlatlardan olib kelingan. Bu esa mahalliy yoki Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari mahsulotlaridan foydalanish haqidagi avvalgi kelishuvlarga zid hisoblanadi.

Direktivaga muvofiq, taqiq 27 iyul, dushanba kunidan kuchga kiradi. Hujjatda mahsulotlari vaqtincha Rossiya bozoriga kiritilmaydigan Armanistonning beshta kompaniyasi sanab o‘tilgan.

Bundan tashqari, payshanba kunidan boshlab Rossiya O‘zbekistonning besh nafar eksportchisidan pomidor va boshqa o‘simlik mahsulotlari importini ham taqiqladi. Rasmiy sabab sifatida mahsulotlarda zararkunandalar mavjud bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Ayni paytda, Evropa Ittifoqi Armaniston uchun savdo imtiyozlarini kengaytirishga tayyorligini bildirib, mamlakat eksportining qariyb 80 foizini bojsiz qilishni taklif qildi. Oy boshida Evropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Yerevanga savdoni diversifikasiya qilish uchun qo‘shimcha 18 million yevro ajratilishini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, Bryussel Rossiya tomonidan iqtisodiy bosim mavjudligini ko‘rmoqda va Armanistonga meva-sabzavot, ichimliklar hamda alkogol mahsulotlari eksportini Rossiya bozoridan Yevropa bozoriga yo‘naltirishda yordam berish niyatida.

Kiritildi: 23:10 26.07.2026. O'qildi: 376 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!