Belgiya bosh vaziri Bart De Vever 2027 yilgi davlat byudjeti bo‘yicha koalisiya hamkorlari bilan kelishuvga erisha olmagani sababli mamlakat qiroli Filippga iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza topshirdi. Bu haqda VRT telekanali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hukumat rahbari hukmron koalisiyadagi partiyalar bilan byudjet masalasida murosaga kela olmagan. Muzokaralar natijasiz yakunlanganidan so‘ng De Vever kelishuvga erishish imkoni qolmaganini bildirib, iste’foga chiqishga qaror qilgan.
Biroq Belgiya qiroli Filipp hozircha bosh vazirning arizasi bo‘yicha qaror qabul qilmagan. Qirollik saroyi ma’lumotiga ko‘ra, u 3 noyabr kuni hukmron koalisiya partiyalari rahbarlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazadi.
Shuningdek, 2 noyabr kuni kechqurun bo‘lib o‘tgan Vazirlar kengashining tor doiradagi yig‘ilishida 2029 yilgacha 10 milliard yevro ajratish bo‘yicha ham kelishuvga erishilmagan.
Bart De Vever Yevropa Ittifoqida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan Ukraina manfaatlari yo‘lida foydalanish tashabbusiga qarshi chiqqan asosiy siyosatchilardan biri hisoblanadi. Belgiya hukumati bunday qaror mamlakat uchun huquqiy va moliyaviy xavflar keltirib chiqarishi mumkinligini bildirib kelgan.