Evrokomissiyaning Rossiya suveren aktivlarini ehtimoliy musodara qilish rejalari global investorlar orasida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Bu haqda RIA Novosti "Euroclear" bosh direktori Valeri Urbanning "Le Monde" nashriga bergan intervyusiga tayangna holda xabar berdi.
Urbanning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va arab mamlakatlarining yirik sarmoyadorlari bu vaziyat ularda ochiqcha xavotir uyg‘otganini bildirgan. U ta’kidlaganidek, bunday qadam Yevropa moliya tizimiga ishonchni pasaytib, YEI banklari va moliyaviy muassasalarida mablag‘ saqlashga qiziquvchi investorlar sonini kamaytirishi mumkin.
Uning ta’kidlashicha, "Euroclear" bunday qaror ustidan YEIni xalqaro sudga berishi mumkin
“Global investorlar yevrozonaga kamroq mablag‘ yo‘naltiradi. Bu Yevropa mudofaa, "yashil o‘tish" va raqamli transformasiya loyihalarini moliyalashtirishga ta’sir qiladi”, — dedi "Euroclear" rahbari.
"Euroclear" hisoblarida hozir 193 milliard yevro Rossiya aktivlari saqlanadi, shundan 180 milliard yevro — Rossiya Markaziy bankiga tegishli. Kompaniya umumiy hisobda 42,5 trillion yevro aktivlarni boshqaradi — bu Fransiya YAIMdan 14 baravar ko‘p.
Urbanning aytishicha, aktivlarni musodara qilish boshqa investorlar uchun xavfli presedent yaratib, xalqaro huquqni buzishi va Rossiyaning xalqaro sudda da’vo qila olishi mumkin.
Rossiya TIV bunday harakatlarni “o‘g‘rilik” deb atagan va Moskvada javob choralari borligi ta’kidlangan.
G7 va YEI Rossiyaning taxminan 300 milliard dollar aktivlarini muzlatib qo‘ygan. 2025 yil yanvar–sentyabr oylarida YEI ushbu muzlatilgan aktivlardan olingan 14 milliard yevroni Ukrainaga yo‘naltirgan.