Rossiya G‘alabaning 80 yilligini nishonlash kunlari uchun tinchlik e’lon qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
“Rossiya Federasiyasi Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qo‘mondoni Vladimir Putinning qaroriga ko‘ra, insonparvarlik nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda, G‘alabaning 80 yillik yubileyi munosabati bilan — 7 maydan 8 mayga o‘tar kechasi soat 00:00dan 10 maydan 11 mayga o‘tar kechasi soat 00:00gacha Rossiya tomoni tinchlik e’lon qiladi. Ushbu davrda barcha harbiy harakatlar to‘xtatiladi. Rossiya tomoni Ukraina ham bu tashabbusga amal qilishi kerak deb hisoblaydi. Agar Ukraina tomoni tinchlik kelishuvini buzsa, Rossiya Federasiyasi Qurolli Kuchlari munosib va samarali javob beradi. Shuningdek, Rossiya tomoni Ukraina inqirozining sabablarini bartaraf etishga va xalqaro hamkorlar bilan konstruktiv hamkorlikka qaratilgan, oldindan shart qo‘yilmagan tinchlik muzokaralarini o‘tkazishga tayyor ekanini yana bir bor ta’kidlaydi”, – deyiladi bayonot matnida.