Saudiya Arabistonining "An-Nasr" klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu kelajakda yana "Manchester Yunayted"ga qaytishi mumkin. Biroq bu safar u futbolchi sifatida emas, balki boshqa vazifada faoliyat yuritishi ehtimoldan xoli emas.
Bunday fikrni Manchester klubining jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sobiq murabbiyi Mik Klegg bildirdi.
Uning fikricha, portugaliyalik yulduz futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan so‘ng murabbiylik yoki klub boshqaruvi bilan shug‘ullanishi mumkin.
"O‘ylashimcha, Ronalduga "Manchester Yunayted"da murabbiy bo‘lish yoki klub egasiga aylanish g‘oyasi yoqqan bo‘lardi.
Bu uning tabiatiga xos xususiyat. Krishtianu doimo kelajak haqida o‘ylaydi va yangi rejalar tuzadi", — dedi Klegg.
Eslatib o‘tamiz, Krishtianu Ronaldu "Manchester Yunayted" safida ikki davrda to‘p surgan.
U dastlab 2003–2009 yillarda "qizil iblislar" sharafini himoya qilgan. Keyinchalik 2021 yilda Manchesterga qaytib, 2022 yilgacha jamoada faoliyat yuritgan.