Krishtianu Ronalduning Portugaliya milliy jamoasiga qaytishi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. 41 yoshli hujumchi kelasi yil yana terma jamoa safida maydonga tushishi mumkin.
The Touchline portugaliyalik jurnalist Migel Pereyraga tayanib xabar berishicha, hozirda futbolchi va milliy jamoa o‘rtasida yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar boshlangan.
Muzokaralarda Ronalduga yaqin shaxslar, bosh murabbiy Jorje Jezushning vakillari hamda Portugaliya futbol federasiyasi qatnashmoqda.
Manbaga ko‘ra, Ronalduning terma jamoaga qaytish istagiga yana bir omil bor. Hujumchi professional faoliyatidagi 1000-golini aynan Portugaliya milliy jamoasi libosida urishni xohlamoqda.
Ronaldu sentyabr oyi oxirida bosh murabbiy Jorje Jezush bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik ortidan milliy jamoa qarorgohini tark etgandi.
Bundan oldin u Norvegiyaga qarshi uchrashuvni to‘liq zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazgan. Keyinchalik Jezush Daniyaga qarshi bahsda ham Ronalduni boshlang‘ich tarkibga kiritishni rejalashtirmayotganini ma’lum qilgan.
Shundan so‘ng hujumchi terma jamoa qarorgohini tark etgan, biroq bu qarorning aniq sabablarini ochiqlamagan. Ronaldu vaziyat haqida keyinroq batafsil gapirishini bildirgan edi.