“Real”dagi kelajagi mavhum bo‘lib turgan braziliyalik legioner Rodrigo Goes Madriddan ketishga shoshilayotgani yo‘q.
Jamoaga Kilian Mbappe kelganidan keyin 24 yoshli universal hujumchi ikkinchi planga o‘tib qoldi. Xabi Alonso ham Rodrigoga o‘yin amaliyoti berishni va’da qilmadi.
“Qirollik klubi” zaxiraga o‘tirib qolishi mumkin bo‘lgan qimmatbaho yulduzning narxi tushib ketmasidan uni sotib yuborishga harakat qilyapti.
Taniqli insayder Fabrisio Romanoning ma’lum qilishicha, Rodrigoning o‘zi klubda qolib, asosiy tarkibga kirish uchun kurashishga tayyor. Biroq, jamoadan ketishga shoshilmayotgan bo‘lsa-da, ayrim talablarga javob beradigan takliflarni ko‘rib chiqishga rozilik berdi.
Rodrigo “Real”dan ketsa, faqat top-klubga o‘tadi. Uni oladigan klub katta shartnoma berishi va Rodrigoni jamoaning asosiy yulduziga aylantirishni kafolatlashi lozim. Hozircha bu talablarni qabul qiladigan klub topilmayapti.