Fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudining hujjatiga ko‘ra, da’vogar M.N.ni javobgarlar B.N. va boshqalarga nisbatan kelin bo‘lib tushgan xonadonga majburiy tartibda kiritish belgilangan edi va bu ijro ishi Byuroning Bog‘dod tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Kelin ushbu xonadonda oila a’zolari bilan birgalikda yashash istagida bo‘lsa-da, noma’lum sabablarga ko‘ra qaynona sud qaroriga tish-tirnog‘i bilan qarshilik qildi.
Navbatdagi majburiy ijro harakatlari davomida, uy egalari va sud qarori ijrosiga qarshilik qiladi va shu jarayonda xonadon bekasi "qaynona"ning qo‘shtirnoq ichida mazasi qochadi, ya’ni u o‘zini hushidan ketganday ko‘rsatib, yerga yiqiladi.
Biroq, Byuro organlari tomonidan majburiy ijro harakatlarini amalga oshirish jarayonida yuz berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz hodisalar oldini olish maqsadida, ijro harakatlari jarayoniga tegishli tashkilot va organlar, shu jumladan, tez tibbiy yordam vakillari ham jalb etiladi.
Ijro harakatlari amalga oshirilayotgan joyda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlarining xulosasiga ko‘ra, fuqaro L.N.ning sog‘ligi yaxshi ekanligi, hushi joyida ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Ijro harakatlari davrida, kelin uyga kiritilishi ta’minlandi va "aktrisa" qaynonaning hiylasi ish bermadi.
Shu o‘rinda, sud qarorining ijrosi barcha uchun majburiy ekanligi, sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlarini ijro etmaganlik yoki uning ijrosiga to‘sqinlik qilganlik yoxud ijro jarayonlariga aralashganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik mavjudligini eslatgan bo‘lar edik.