Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainadagi mojaroni faqat qonuniy kuchga ega bo‘lgan kelishuvlar tuzilishi bilan hal qilish mumkinligini aytdi. U bu kelishuvlarga aynan nimalar kiritilishiga aniqlik kiritmadi.
Lavrovning ta’kidlashicha, Rossiya o‘zining “maxsus harbiy operasiyasi” (Rossiya rasmiylari urush deb atagan) maqsadlariga erishish va inqiroz sabablarini bartaraf etishga intilmoqda.
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Jeenbek Kuluboyev bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida rossiyalik vazir shunday dedi: “Biz Ukraina mojarosi atrofidagi vaziyatni muhokama qildik va “maxsus operasiya” maqsadlariga erishish bo‘yicha sodiqligimizni tasdiqladik. Inqirozni uning sabablarini bartaraf etish orqali hal qilish mumkin. Bu nafaqat Yevropada, balki AQShda ham tushunila boshlandi”.
Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlar qonuniy kuchga ega bo‘lishi va ularning buzilishi ehtimolini istisno qilishi kerak.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy avvalroq, agar Ukraina NATOga qisman qo‘shilsa va harbiy yordam olishda davom etsa, tinchlik muzokaralariga tayyor ekanini aytgan edi. Biroq u Kiyev o‘z hududlari – Qrim, Donesk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlaridan voz kechmasligini ta’kidladi. Zelenskiyning fikricha, ular harbiy harakatlar tugaganidan keyin diplomatik yo‘l bilan qaytarilishi mumkin.
Rossiya 2014-yilda Qrimni, 2022-yilda esa Donesk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlarini referendum natijalariga asoslanib anneksiya qilgan edi. Xalqaro hamjamiyat bu hududlarni Rossiya deb tan olishdan bosh tortdi. Ukraina va G‘arb davlatlari bu referendumlarni tan olmadi va ularni anneksiya deb atashdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, mojaro Ukrainaning NATOga kirish istagi tufayli boshlangan. Muzokaralar shartlari orasida u Ukraina qo‘shinlarining Donbass, Xerson va Zaporojye viloyatlaridan olib chiqilishi, bu hududlarning Rossiya tarkibiga kiritilishi, Kiyevning NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishi va Rossiya iqtisodiyotiga nisbatan sanksiyalarning bekor qilinishini ko‘rsatdi. Zelenskiy bu talablarni rad etib, ularni ultimatum deb atadi.
22 yanvar kuni Xitoy rahbari Si Szinpin bilan suhbatda Putin Ukrainada tinchlik uzoq muddatli bo‘lishi va Rossiya manfaatlarini hisobga olishi kerakligini ta’kidladi.