Advokat Komilova o‘z Telegram sahifasida aktrisa va bloger Feruza Normatova kiberbullingga uchraganini ma’lum qildi.
Unda aytilishicha, aktrisa va insta-bloger Feruza Normatova manfaatida Toshkent shahar IIBBga JKning 139, 140 va 141-1-moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni so‘rab ariza berilgan. Hozirda surishtiruv ketyapti.
"Feruza juda qattiq kiberbullingga uchragan. Ahmadjonov Otabek Umidjon o‘g‘li degan shaxs Instagram tarmog‘ida uni muntazam ta’qib qilmoqda, ochiqcha haqoratlamoqda, tuhmatlar uyushtirmoqda, shuningdek F.Normatovaga oid shaxsiy hayoti va oilasiga daxldor hisoblanadigan ma’lumotlarni e’lon qilmoqda.
Bunaqasiga birinchi marta duch kelishim. Qip-qizil kiberbulling, men hatto maniakal kiberbulling degan bo‘lardim. A.O. Instagram’dagi akkauntida Feruza Normatova haqida tinimsiz qisqa videolar chiqarib yotibdi (buni o‘zicha “serial” deb ataydi). Har bir videoda tuhmat, haqoratlar bor; F.Normatovaning shaxsiy hayotini muhokama qiladi, o‘tmishini kavlashtiradi, ba’zan o‘z og‘zi bilan va ba’zan “podpischiklari tilidan” Feruzaga oid badnom qiluvchi, tahqirlovchi yolg‘on ma’lumotlarni o‘qib beradi...
Bir odam uning yashashiga xalal bermayotgan boshqa bir insonga nisbatan shunaqa “oderjimiy” bo‘lib qolishi mumkinmi? Feruza Normatovani surunkasiga ta’qib qilish, serial” videolar uchun mavzuga aylantirib tinimsiz ustidan mag‘zava ag‘darish unga nimaga kerak? Bu o‘zining “tashabbusi”mi yoki kimningdir buyurtmasini bajaryaptimi? Umid qilamizki, vakolatli idoralar uning qilmishiga tegishlicha huquqiy baho beradi.
Shuningdek, A.O. ilgari MJtKning 41 (“haqorat qilish”) va 183 (“mayda bezorilik”) moddalari bilan javobgarlikka tortilgani ham ma’lum qilingan.
F.Normatova ishida u bilan “hamkorlik qilgan” E.SH. ismli qiz ham bor edi – uni sud orqali ma’muriy jazoga tortishga muvaffaq bo‘ldik. Ammo A.O.ning qilmishi ancha og‘ir va u jinoiy tartibda jazolanishi shart deb hisoblayman",
deb yozadi advokat o‘z sahifasida