Bu Xitoy televideniyesi talabi bilan amalga oshirildi.
Agentlik xabariga ko‘ra, dastlab Xitoy Markaziy televideniyesi (CCTV) Pekindagi harbiy paradning videosidan, jumladan, Si Jinpin va Vladimir Putin tribuna tomon yurib ketayotganda suhbatlashgani lahzalaridan foydalanishga ruxsat bergan. Reuters ushbu materialdan to‘rt daqiqalik video tayyorlab, uni dunyo bo‘ylab minglab obunachilariga, jumladan eng yirik telekanallarga tarqatgan.
Biroq 5 sentyabr kuni Reuters CCTV'ning yuridik bo‘limidan rasmiy xat olgan. Unda telekompaniya videoni o‘chirib tashlashni talab qilgan. "Materialni tahririy qayta ishlash lisenziyalangan translyasiyadagi faktlar va bayonotlarning ochiq-oydin buzib ko‘rsatilishiga olib keldi", deyiladi xatda.
Natijada Reuters video materialni o‘chirib tashladi, ammo o‘z tomonidan hech qanday qoidabuzarlik amalga oshirilmaganini ta’kidladi.
3 sentyabr kunlari Pekinda bo‘lib o‘tgan harbiy paradda olingan va agentlik tomonidan e’lon qilingan videoda Xitoy va Rossiya yetakchilari uzoq yashash haqida suhbatlashgan edi.
"Ilgari odamlar 70 yoshga yetishi kam uchrardi, bugun esa 70 yoshda ham odamni bola deb atashadi", — degan Si Jinpin.
"Biotexnologiyalar rivoji tufayli inson organlarini doimiy ravishda ko‘chirib o‘tkazish imkoni mavjud. Bu orqali odamlar o‘zlarini tobora yoshroq his qilishlari va hatto abadiylikka erishishlari ham mumkin", — deya javob qaytargan edi Putin.