2024 yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlarining jami 81,2 gektar yer maydonidagi 29 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni rekultivatsiya qilinib, sanitariya talablari asosida tuproq qatlami bilan yopildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5-sonli Farmoni ijrosi yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, vazirlikning Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi tomonidan 2024 yil davomida respublikada mavjud 198 ta maishiy chiqindi poligonidan 29 tasi rekultivatsiya qilindi.
Chiqindi poligonlarining sanitariya talablari va ekologik me’yorlarga mos emasligi yer maydonlarining zaharlanishi va genofondi buzilishi, yong‘in xavfi, atmosferaga issiqxona gazlari chiqishi ortib borishiga sabab bo‘ladi. Bu kabi salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi” ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra 1 108,6 gektar maydonga teng 167 ta poligon rekultivatsiya qilinishi belgilangan.
Ta’kidlash joizki, bu kabi chora-tadbirlar natijasida issiqxona gazlari sizib chiqishiga chek qo‘yilib, yong‘in xavfi oldi olinmoqda. Shuningdek, sizot suvlarining atmosfera havosiga salbiy ta’siri 78 foizga kamaytirildi.
Bundan tashqari, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublika bo‘ylab 112 ta chiqindi poligoni atrofiga 197 mingta daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, “yashil belbog‘”lar tashkil qilinishi natijasida yer genofondi yaxshilanib, yashil hududlar yaratilmoqda.
Chiqindi poligonlarining holati ijobiy tomonga o‘zgarmoqda. Kelgusida sohada zamonaviy talablarga javob beruvchi poligonlar tashkil etilishi barobarida zararli gazlar va aholi o‘rtasida turli kasalliklar kelib chiqishini keskin qisqartirish maqsad qilingan.