"Real" o‘zining rasmiy saytida 2024/2025 moliyaviy yil yakunlari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi. Madrid top-klubining daromadlari transferlarni hisobga olmaganda rekord darajadagi 1,185 milliard yevroni tashkil etdi. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 10 foizga ko‘p, o‘shanda "qaymoqranglilar" yillik daromadi 1 milliard yevrodan oshgan futbol tarixidagi birinchi klubga aylangandi.
"Real"ning soliqlardan keyingi sof foydasi 24,3 million yevroni tashkil etdi. Sof kapital 598,3 million yevroni tashkil etdi.
Eslatib o‘tamiz, yozda "Real" klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida "PSJ"ga 0:4 hisobida imkoniyatni boy berib, yarim finalga qadar yetib borgan edi. Hozirda jamoa ta’tilda.