"Real" himoyachisi Antonio Ryudiger Ispaniya kubogi finalida "Barselona" (qo‘shimcha taymlardan so‘ng 2:3)ga qarshi o‘yinda bosh hakam Rikardo de Burgos Bengoecheaga tajovuz qilmoqchi bo‘lgani uchun uzr so‘rab, rasmiy bayonot berdi.
"Kechagi xatti-harakatimni oqlab bo‘lmaydi. Bundan chin dildan afsusdaman. Ajoyib o‘yin ko‘rsatdik, ayniqsa ikkinchi bo‘limda. 111-daqiqadan so‘ng jamoaga yordam bera olmadim, o‘yin yakunlanishi arafasida esa xatoga yo‘l qo‘ydim. Yana bir bor hakamdan va pand bergan insonlarimdan uzr so‘rayman", - deb yozdi germaniyalik futbolchi o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
O‘yinning ikkinchi qo‘shimcha bo‘limiga qo‘shib berilgan vaqtda Ryudiger texnik zonada turib, hakamga muz uloqtirgan va chetlatilganidan keyin ham o‘zini tajovuzkor tutib, hakamga tajovuz qilishga urindi. Uni "Real" texnik xodimlaridan bir necha kishi qiyinchilik bilan ushlab turdi.