«Barselona» klubi o‘zining rasmiy saytida bayonot berdi. Kataloniya klubi bosh murabbiy Xans-Diter Flik bilan shartnoma uzaytirilganini e’lon qildi — germaniyalik mutaxassis yangi mehnat bitimiga imzo chekdi.
Yangi shartnoma 2028 yilning o‘rtalariga qadar mo‘ljallangan bo‘lib, unda hamkorlikni yana bir mavsumga uzaytirish opsiyasi (huquqi) ham ko‘zda tutilgan. Flik «Barselona» bilan yangi shartnomani dushanba kuni klub ofisida, rahbariyat vakillari ishtirokida imzoladi. Ular orasida yaqinda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan va 1 iyuldan boshlab o‘z lavozimiga kirishadigan Joan Laporta ham bor edi.
Xans-Diter Flik «Barselona» boshqaruvidagi o‘zining ikkinchi mavsumini yakunlamoqda. Ushbu davr mobaynida jamoa Ispaniya ichki arenasidagi imkoniyati mavjud bo‘lgan 6 ta sovrindan 5 tasini qo‘lga kiritdi, jumladan, ikki bor La Liga chempionligiga erishdi. Chempionlar Ligasida esa «ko‘k-anorranglilar» Flik qo‘l ostida yarim finalgacha (o‘tgan mavsumda) va chorak finalgacha (joriy mavsumda) yetib borishdi.