Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida biologik faol qo‘shimchalarni turli kasalliklarni davolovchi vosita sifatida targ‘ib qilayotgan reklamalar ko‘paygani yuzasidan ogohlantirdi.
So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda biologik faol qo‘shimchalar, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar hamda mineral suvlarning turli kasalliklarni davolashi haqidagi reklamalar keng tarqalmoqda.
Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, ayrim reklamalarda mazkur mahsulotlar diabet, insult, gastrit, yurak-qon tomir, jigar, buyrak, artrit, gipertoniya va boshqa kasalliklarni davolashda samarali vosita sifatida targ‘ib qilinmoqda. Bu esa iste’molchilarda ularni dori vositasi sifatida qabul qilish haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllanishiga olib kelishi mumkin.
Vaholanki, vakolatli organlar xulosasiga ko‘ra, biologik faol qo‘shimchalarning asosiy vazifasi organizmning foydali moddalarga bo‘lgan kundalik ehtiyojini qondirishdan iborat. Ular dori vositasi hisoblanmaydi va kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallanmagan.
Shu sababli biologik faol qo‘shimchalarni davolovchi vosita sifatida talqin qilish hamda ularning shifobaxsh xususiyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatish amaldagi qonunchilik talablariga zid hisoblanadi.
«Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 35-moddasiga muvofiq, biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasida bir qator talablarga rioya qilinishi shart.
Xususan, bunday reklama:
Shuningdek, har bir holatda reklama «Ushbu mahsulot dori vositasi emas» mazmunidagi ogohlantirish bilan berilishi shart.
Raqobat qo‘mitasi reklama beruvchilar va tarqatuvchilarni qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin.