Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chotqol daryosi bo‘yida qurilayotgan "Quyi Chotqol GES" yiliga o‘rtacha 300 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, 125 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Bu haqda "O‘zbekgidroenergo" AJ tomonidan Quyi Chotqol GES qurilishi ob’ektda tashkil qilingan press-turda ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, mazkur zamonaviy GES faqatgina AQSH, Kanada, Italiya, Eron va O‘zbekistonda mavjud bo‘lib, mamlakatimiz tarixidagi muhim o‘zgarishlardan biri hisoblanadi.
Xususan, GES qurilishida kerak bo‘ladigan zarur ehtiyot qismlarning 90 foizi Jamiyat tizimidagi tashkilotlar tomonidan yetkazib berilayotgan bo‘lsa, qolgan qismlar Germaniyaning “Gertec” va Italiyaning “MATEIST” kompaniyalari bilan hamkorlikda olib kelinmoqda.
Shuningdek, yurtimizda jahon standartlari asosida bir vaqtning o‘zida to‘g‘on va GES inshootlari qurilishi ishchilardan 3 smenada tinimsiz ishlashni talab qilmoqda.
Qurilish rahbarlarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu Quyi Chotqol GES joriy yilning 1 sentyabridan foydalanishga topshirilib, 120 nafar insonni ish bilan ta’minlaydi.