CAVOL: Er talog‘ini bilmasdan shunchaki qo‘rqitish uchun aytsa ham taloq tushaveradimi? Endi er-xotin birga yashasa bo‘ladimi? Buni yo‘li bormi. Bo‘lsa, aytib bersangiz iltimos.
JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim.
Taloq lafzini ochiqcha aytilganda, albatta, taloq tushadi. Bu holatda niyat e’tiborga olinmaydi. Taloq lafzini ochiqcha aytmay, ham taloqqa, ham boshqa ma’nolarga dalolat qiladigan lafzlarni aytsa, masalan: "Chiqib ket", "Tur yo‘qol", "Javobingni berdim", degani kabi. Bunda er nimani niyat qilgan bo‘lsa, o‘sha bo‘ladi. Ya’ni, taloqni niyat qilsa, taloq bo‘ladi. Taloqni niyat qilmasa, taloq tushmaydi.
Taloqlar soni uchtaga yetguncha qayta nikohlanishi mumkin. Taloqlar uchtaga yetsa, er-xotin qayta nikohlana olmaydi. Faqat ayol to‘g‘ri nikoh bilan boshqa erga tegib, to‘laqonli er-xotinlik aloqasidan keyin talog‘ini olsa va iddani tugatsa, keyin avvalgi eriga nikohlanishi mumkin. Vallohu a’lam.