Bugun 12 may, 2025 yil, dushanba

КИР

QUR’ONI KARIMNI TAHORATSIZ USHLASHNING HUKMI

QUR’ONI KARIMNI TAHORATSIZ USHLASHNING HUKMI

Mazkur savolga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi javob berdi.

JAVOB: Bismillahir rohmanir rohiym.
Yo‘q unday qilib bo‘lmaydi. Chunki tahoratsiz kishilar, hayz ko‘rgan ayollar, junub bo‘lganlar Qur’oni karim kitobini, Qur’on oyatlari yozilgan qog‘oz, tanga yoki suvinerlarni ushlashlari joiz emas. Zero Qur’oni karim Alloh taoloning kalomidir. Uni pokiza holda ushlash bilan ham unga hurmat va ta’zim ifoda qilinadi. Hakim ibn Hizom raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

عن حَكِيم بن حِزام قال: لَمَّا بَعَثني رسول الله صلى الله عليه وسلم إلى اليَمَن قال: لا تَمسَّ القرآنَ إلا وأنت طاهر
(روى الحاكم في «المستدرك» وصحَّحه)

ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam meni Yamanga yuborayotganlarida “Qur’oni karimni faqatgina pok holingda ushlagin” – degan edilar” (Imom Hokim Mustadrak kitoblarida rivoyat qilgan va bu hadisni sahih deganlar)”.

Vatandoshimiz alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh ham ayni shu ma’noda aytadilar:

(وَلَنَا ) قَوْله تَعَالَى لَا يَمَسُّهُ إلَّا الْمُطَهَّرُونَ وَقَوْلُ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا يَمَسُّ الْقُرْآنَ إلَّا طَاهِرٌ ، وَلِأَنَّ تَعْظِيمَ الْقُرْآنِ وَاجِبٌ ، وَلَيْسَ مِنْ التَّعْظِيمِ مَسُّ الْمُصْحَفِ بِيَدٍ حَلَّهَا حَدَثٌ

“Qur’oni karimni tahoratsiz ushlash mumkin emasligiga bizning dalilimiz Alloh taoloning mana bu oyati, ya’ni “Uni (Qur’onni) tahoratli kishilardan o‘zgalar ushlamaslar” (Voqea surasi 79-oyat) va payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Qur’onni faqat pok insongina ushlaydi”, degan hadislaridir. Qolaversa, Qur’oni ulug‘lash vojibdir, mushafni (Qur’oni karim kitobini) nopok qo‘l bilan ushlash esa uni ulug‘lash emas” (“Bado’ius sanoi’” kitobi).

Yana bir mo‘tabar manba, imom Marg‘inoniy rahimahullohning “Hidoya” asarida ham shunday deyiladi:

وَلَيْسَ لَهُمْ مَسُّ الْمُصْحَفِ إلَّا بِغِلَافِهِ ، وَلَا أَخْذُ دِرْهَمٍ فِيهِ سُورَةٌ مِنْ الْقُرْآنِ إلَّا بِصُرَّتِهِ وَكَذَا الْمُحْدِثُ لَا يَمَسُّ الْمُصْحَفَ إلَّا بِغِلَافِهِ (الهداية)

“Hayz yoki nifos ko‘rayotgan, junub bo‘lganlar mushafni faqat g‘ilofi bilan, Qur’oni karimdan sura yoki oyatlar yozilgan tangalarni hamyon bilan ushlashlari mumkin. Tahoratsiz kishi ham mushafni g‘ilof bilan ushlaydi” (“Hidoya” kitobi).

Shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlash kerakki, nafaqat Qur’oni karim, balki Qur’onni boshqa tillarga qilingan tarjimalari, tafsirlarini ham nopok holda ushlash joiz emas. Fiqhiy manbaalardan Bahrur roiq kitobida:

وَلَوْ كَانَ الْقُرْآنُ مَكْتُوبًا بِالْفَارِسِيَّةِ يَحْرُمُ عَلَى الْجُنُبِ وَالْحَائِضِ مَسُّهُ بِالْإِجْمَاعِ وَهُوَ الصَّحِيحُ (البحر الرائق شرح كنز الدقائق)

“Agar Qur’oni karim fors tilida (shuningdek boshqa tillarda) yozilgan bo‘lsa, junub kishi va hayz ko‘rgan ayol uni ushlashi harom bo‘ladi. Shu hukmga barcha ulamolar ijmo’ qilganlar va shu gap sahihdir” – deyiladi.

Demak, tahoratsiz kishilar, hayz yoki nifos ko‘rayotgan ayollar, junub bo‘lganlar Qur’oni karimni g‘ilofsiz ushlashlari yoki savolda so‘ralganidek o‘pib ko‘zga surishlari joiz emas. Vallohu a’lam.

Kiritildi: 15:24 02.11.2023. O'qildi: 8394 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!