Hudhud bir ummatning musulmon bo‘lishiga sababchi bo‘ldi.
Qur’oni Karimning Naml surasida Sulaymon alayhissalom bilan Hudhud nomli qush o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbat keltirilgan. O‘sha suhbatda Hudhud Saba’ mamlakati, o‘sha mamlakatga bir ayol malikalik qilishi, malika o‘z qavmi bilan Quyoshga sig‘inayotgani haqida xabar keltiradi. Sulaymon alayhissalom Hudhud orqali o‘sha malikaga bir maktub yuboradilar. Maktubda Bismillahir rohmanir rohiym. Menga qarshi bosh ko‘tarmay, taslim bo‘lgan holingizda keling deb yozilgan edi. Maktubni o‘qigan malika o‘z ayonlari bilan maslahatlashadi. Ayonlar unga istagan ishini qilishini, nima deb buyruq bersa, ular shunga rozi bo‘lishlarini aytadilar. Malika Sulaymon alayhissalomga hadya yuborib, natijasi nima bo‘lishini kutadi. Elchi Sulaymon alayhissalomning huzurlariga kelganida, u zot: Sizlar menga mol-dunyo ila madad bermoqchimisiz?! Bas, Alloh menga bergan narsa sizga bergan narsadan yaxshidir. Ammo sizlar hadyalaringiz bilan quvonursiz. (Ey elchi!) Sen ularga qaytib bor. Bas, albatta, Biz ular bas kela olmaydigan qo‘shin ila borurmiz va u yerdan ularni xoru zor hollarida chiqarurmiz deydilar. Keyin malika Sulaymon alayhissalomning oldilariga qo‘shini bilan kelishga qaror qiladi. Malika kelgunicha uning Saba’dagi taxti o‘zidan oldin olib kelib qo‘yiladi. U kelib taxtini ko‘radi-da Xuddi o‘shaning o‘zi deydi. Keyin unga saroyga kirishi aytilganda, u billurdan silliq qilib yasalgan saroyga kiradi va Ey Robbim, albatta, men o‘zimga zulm qilib yurgan ekanman, Sulaymon ila olamlarning Robbi Allohga musulmon bo‘ldim! deb aytadi.
Shu tariqa Hudhud bir mamlakat aholisining musulmon bo‘lishiga sababchi bo‘ladi.
Chumoli qo‘shin yo‘lini o‘zgartirib qo‘ydi.
Qur’oni Karimning Naml surasida Sulaymon alayhissalom bilan chumoli qissasi keltirilgan. Alloh taolo Sulaymon alayhissalomga turli jonzotlar bilan gaplasha olish qobiliyatini ato etgan. Bir kuni Sulaymon alayhissalom jin, ins va qushlardan iborat o‘z qo‘shinlari bilan urushga ketayotganlarida yo‘ldan chumolilar vodiysi chiqib qoladi. U zot bir chumolining o‘z qabilasiga Ey chumolilar, maskanlaringga kiringlar, Sulaymon va uning askarlari sizlarni bilmasdan ezib yubormasinlar , degan gapini eshitadilar. Uning gapini eshitib tabassum qiladilar va qo‘shinga yo‘lni o‘zgartirib, chumolilar vodiysidan uzoqlashishni amr etadilar. Shu bilan chumolilar jamoasi halokatdan qutulib qoladi.
Qarg‘a insoniyatga dafn qilishni o‘rgatdi.
Qur’oni Karimning Moida surasida Qobil va Hobil qissasi keltirilgan. Ular ikkovlari qurbonlik qilishganda, Hobilning qurbonligi qabul qilinib, Qobilniki qabul qilinmaydi. Bundan g‘azablangan Qobil ukasi Hobilni o‘ldiradi. Shunday qilib, yer yuzidagi ilk jinoyat insonni o‘ldirish, qotillik bo‘lib, Odam alayhissalomning shu ikki o‘g‘illari o‘rtasida sodir bo‘ldi. Bu jinoyatga Iblisning vasvasasi, hasad, gina, adovat sabab bo‘lgan edi. Keyin Qobil qilgan ishiga nadomat qilib, endi nima qilsam ekan deb o‘tirganda, Alloh taolo unga ukasini qanday dafn etishni o‘rgatishi uchun qarg‘ani yuboradi.
Baliq payg‘ambarni qutqardi.
Yunus alayhissalom qavmlaridan g‘azablanib, Naynavo qishlog‘idan chiqib ketadilar. Yo‘lda bir qavmga yo‘liqib, ular bilan birga kemaga minadilar. Kema dengiz o‘rtasiga yetganda, bir tomonga og‘a boshlaydi. Kemadagilar nima qilishni o‘ylab-o‘ylab, oxiri bir kishini dengizga uloqtirish kerak degan qarorga keladilar. Dengizga uloqtiriladigan shaxsni aniqlash uchun qur’a tashlashadi. Qur’a Yunus alayhissalomga chiqadi. Ular Yunus alayhissalomning yaxshi, solih inson ekanliklarini ko‘rib, shunday yaxshi odamni dengizga otamizmi, kelinglar, yana qur’a tashlab ko‘raylik deyishadi. Bu safar ham qur’a Yunus alayhissalomga chiqadi. Uchinchi safar tashlaganlarida ham shunday bo‘ladi. Oxiri ular u kishini dengizga otishadi.
Alloh taolo u kishini yutib yuborishi uchun bir katta baliqni yuboradi. Yunus alayhissalom baliqning qorniga tushganda, Vafot etdimmmikin deb o‘ylaydilar. Qarasalar, oyoq-qo‘llari ishlayapti, hech qayerlari sinmagan, zarar ham yetmagan. Darhol Alloh taologa sajda qilib, shukr keltiradilar va tinmay tasbeh aytadilar. Shu tarzda baliq qornida Alloh xohlaganicha muddat turadilar. Bu muddat davomida Sendan o‘zga Iloh yo‘q, Sen poksan, albatta, men zolimlardan bo‘ldim , deb nido qildilar. Keyin Alloh taoloning amri bilan baliq u kishini bir qirg‘oqqa otadi. Alloh taolo oyatda bunday degan: Agar u ko‘p tasbih aytguvchilardan bo‘lmaganida edi. Uning qornida qayta tiriltiradigan kungacha qolib ketar edi .
Ha, baliq u kishini yeyish, o‘ldirish uchun emas, balki qutqarish uchun yutib yuborgan edi. Shu tarzda Alloh taolo u kishini dengizga g‘arq bo‘lishdan va g‘amdan qutqardi.
Fil Ka’bani buzishdan bosh tortdi.
Yaman voliysi Abraha bir kanisa qurdiradi va barcha arablar Ka’bani emas, o‘sha kanisani tavof qilishlarini istaydi. Arablar bundan bosh tortib, aslo qiblani o‘zgartirmasliklarini aytishadi. Bundan g‘azablangan Abraha Ka’bani buzishga qaror qiladi va katta qo‘shin bilan Makka sari yo‘lga tushadi. Qo‘shinning eng oldida Mahmud ismli katta fil ham bor edi. Ushbu fil Makkaga yurishdan bosh tortadi. Abraha uni qattiq uradi. Fil baribir yurmaydi. Yaman tomonga yuzini bursalar, yugurib yura boshlaydi. Ammo Makkaga yurishga undasalar, to‘xtab olar edi. Shu payt bir to‘da Abobil nomli qushlar keladi. Har bir qush ikki changalida va tumshug‘ida sopol toshchalar olib kelib, Abraha va uning qo‘shini ustidan ota boshlaydi. Ko‘p o‘tmay Abraha va uning askarlari halok bo‘ladi. Bu qissa Qur’oni Karimdagi Fil surasida bayon qilingan.
Alloh taolo ushbu surada bunday degan:
Robbing fil sohiblarini qandoq qilganini bilmadingmi? Ularning makru hiylasini zoye ketkazmadimi? Va ularning ustiga to‘p-to‘p qushlarni yubormadimi? Loydan pishirilgan toshlarni otadiganlarni? Bas, ularni qurt yeb tashlagan o‘simlikka o‘xshatib yubormadimi?
Azizlar! O‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, Allohning amriga barcha jonzotlar itoat qilishadi. Buning ayrim misollari yuqorida ko‘rib chiqdik. Ammo barcha jonzotlardan mukarram va hurmatli qilib yaratilgan inson ba’zida bandaligini unutib, hoyu havas va nafsining istaklari ketidan yuradi. Ibodatlarda sustkashlikka yo‘l qo‘yadi.
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin!
Manba: muslim.uz