Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Qurolli Kuchlar akademiyasida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan yig‘in o‘tkazildi

Qurolli Kuchlar akademiyasida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan yig‘in o‘tkazildi

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida «Rossiya Mudofaa vazirligi bo‘linmalarida moliyaviy ta’minot» mavzusida o‘quv-uslubiy seminar mashg‘uloti o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar bermoqda.

Unda Rossiya Mudofaa vazirligi moliyaviy rejalashtirish departamenti direktori Maksim Loskutov, mazkur departament bo‘lim boshlig‘i Viktor Kachayev, Rossiya Mudofaa vazirligi ijtimoiy kafolat departamenti direktori Yuliya Yarkoyeva, Rossiya Mudofaa vazirligi moddiy-ta’minot departamenti direktori o‘rinbosari Aleksey Charkovdan iborat delegasiya ushbu mamlakatda to‘plangan sohaviy tajribalar bilan o‘rtoqlashdi.

Delegasiya vakillari Rossiya Qurolli Kuchlarining asosiy byudjet parametrlari va bazaviy moliyaviy xarajatlar ko‘rsatkichlarini shakllantirish, tartibga solish bosqichlari, bu borada me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, mamlakat Byudjet kodeksiga asosan, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish, buxgalteriya hisobi, hisoboti va qaydnomalarini yuritish, harbiy sanoat, moliya va iqtisodiyot tarmog‘idagi faoliyatning o‘ziga xosliklari yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi.

Mavzuga doir taqdimotlarda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalash, ish haqi, xizmat safari, kompensasiya to‘lovlari, nafaqa va boshqa moliyaviy rejalarning metodologik ta’minoti turli grafik va jadvallarda aks ettirildi. Seminar mashg‘ulotini yurtimizdagi turli harbiy okrug mutaxassislari videokonferens-aloqa orqali onlayn tarzda kuzatish imkoniga ega bo‘ldi.

Rossiya – federal mamlakat. Shunga ko‘ra, federal byudjet loyihasini shakllantirishda ham qator o‘ziga xosliklar ko‘zga tashlanadi. Bugungi tadbirda Rossiya Federasiyasi Qurolli Kuchlarida yagona shtatlar tarifikasiyasi siyosatini amalga oshirish, elektron byudjet statistikasi kabi jihatlar e’tiborimni tortdi, – deydi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi moliya-iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i mayor Nodir Haydarov. – O‘ylaymanki, bu kabi o‘quvlar o‘zaro tajriba almashish, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida seminar ishtirokchilari xorijlik mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

 

 

 

Kiritildi: 12:35 10.10.2019. O'qildi: 1485 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!