Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi Qo‘qon shahar bo‘limi xodimlari tomonidan iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish doirasida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 2003 y.t. mahalliy fuqaro qalbaki pullarni muomalaga kiritish bilan shug‘ullanayotganligi aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qo‘qon shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, mazkur shaxs 50 mln so‘m miqdoridagi qalbaki pullarni “shartli xaridor”ga haqiqiy 8 mln so‘m evaziga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadoni ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, 50, 100 va 200 ming so‘mlik jami 315,5 mln so‘m miqdoridagi qalbaki kupyuralar hamda 100 AQSh dollarlik jami 120 ming AQSh dollari miqdoridagi qalbaki kupyuralar borligi ma’lum bo‘ldi va tegishli tartibda olib qo‘yildi.
Hozirda qalbaki “pulfurush”ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu qalbaki pul mablag‘larini unga yetkazib bergan fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.