Parijda o‘tkazilayotgan AI Action sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro sammitda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Hindiston bosh vaziri Narendra Modining qo‘lini siqmadi. Modi Fransiyaga uch kunlik rasmiy tashrif bilan kelgan edi.
Emmanuel Makron mehmonlarni kutib olayotganda, AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens, BMT bosh kotibi Antonio Guterresh, Kanada bosh vaziri Justin Trudeau va Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen bilan salomlashdi. Biroq, Fransiya prezidenti Narendra Modining uzatilgan qo‘lini e’tiborsiz qoldirdi. Sammitdan olingan translatsiya Associated Press’ning YouTube kanalida e’lon qilindi.
Konferensiyada Narendra Modi sun’iy intellektdan foydalanishni o‘rganishga sarmoyalarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi. AI Action 2025 tashkilotchisi bo‘lgan Fransiya tomoni kelasi yili sammitni Hindiston o‘tkazishini tasdiqladi.
10 fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Narendra Modi Fransiyaga tashrifi mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qaratilganini ta’kidlagan edi. Tashrif davomida Modi va Makron Fransiyaning Marsel shahrida Hindistonning konsulxonasini ochadi.