Litva, Estoniya va Latviya Rossiya elektr tarmog‘idan ajraldi. Hokimiyat organlari o‘tishning xavfsizlikka tahdid solishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
"Muhim infratuzilmaga qarshi kinetik operasiyalar, kiberhujumlar va dezinformasiya kampaniyalari kabi turli qisqa muddatli xavflar yuzaga kelishi mumkin," deya Litva davlat xavfsizlik xizmati AFP agentligiga ma’lum qildi.
Polshaning elektr tarmoqlari operatori PSE Litva bilan aloqani nazorat qilish uchun dronlar va vertolyotlardan foydalanishini bildirdi.
Latviya prezidenti Edgar Rinkevich televideniyega bergan intervyusida davlatlar "maksimal darajada tayyor" ekanligini, biroq "provokasiyalar"ni istisno eta olmasligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Estoniyada polisiya va ko‘ngilli mudofaa korpusi har qanday ehtimoliy sabotajning oldini olish maqsadida dam olish kunlarigacha muhim energetika infratuzilmasini qo‘riqlaydi.
Uzish qanday amalga oshirilmoqda?
Rossiya elektr tarmog‘idan jismonan ajratilgandan so‘ng, Boltiqbo‘yi davlatlari o‘zlarining chastotasi, barqarorligi va quvvat darajasini sinash uchun taxminan 24 soat davomida alohida rejimda ishlaydi.
"Biz Yevropaga barqaror energiya tizimiga ega ekanligimizni isbotlash uchun ba’zi sinovlarni o‘tkazishimiz zarur," - dedi Litva davlat tarmoq operatori Litgrid rahbari Rokas Masiulis.
"Elektr stansiyalarini yoqib-o‘chiramiz, chastotaning o‘zgarishini kuzatamiz va uni boshqarish qobiliyatimizni baholaymiz."
Sinovlar yakunlangach, mazkur davlatlar Polsha orqali Yevropa elektr tarmog‘iga ulanadi.