Quddusda yuzaga kelayotgan namoyishlarni hukumat tinchlantira olmasa mamlakat urush davrida katta siyosiy inqiroz yuzaga kelishi mumkin. Bu amaldagi Bosh vazir Binyamin Netanyaxuni hokimiyatdan chetlatish darajasigacha borishi mumkin.
Quddusda taxminan 200 ming ultra-ortodoks yahudiylari harbiy xizmatdan ozod bo‘lishni talab qilish uchun namoyishga chiqishdi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, namoyishga an’anaviy qora kostyum va shlyapa kiygan yahudiy jamoalarining erkaklari harbiy chaqiruvga qarshi plakatlar ko‘tarib, G‘arbiy Quddus ko‘chalarini to‘sib qo‘ygan. Namoyishni tarqatish uchun 2 ming nafar huquqni muhofaza qiluvchi xodim safarbar qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, namoyish vaqtida bir o‘smir 9 qavatli binodan tushib ketib, halok bo‘lgan.
Namoyishga chiqqanlar qo‘llarida “Xalq — Torah bilan”, “Eshivani yopish — yahudiylikka o‘lim hukmi” bilan teng ekanligini haqidagi yozuvlar tushirilgan plakatlarni ko‘tarib olishgan.
So‘nggi oylarda ultra-ortodoks yahudiylariga minglab harbiyga chaqiruvlarga hujjatlari kelgan. Armiyaga borishni xohlamagan jamoat a’zolari bo‘yin tovlashda ayblanib qamoqqa olingan.
Al Jazeera nashrining yozishicha, namoyishchilardan biri armiyaga borishni rad etganlar harbiy qamoqqa yuborilayotganini aytgan.
“Bu juda yomon emas. Lekin biz yahudiy davlati sifatida yashaymiz. Yahudiylikka qarshi keta olmaysiz — bu ishlamaydi”, — degan namoyishchilardan biri Shmuel Orbach.
Harbiy xizmat va unga kimlar ozod etilishini belgilash — Isroil jamiyati uchun uzoq yillardan beri ziddiyatli masala bo‘lib kelmoqda. Bu masala ayniqsa Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi hukumat uchun muammoli tus oldi, xususan G‘azodagi urush fonida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1948 yilda Isroil tashkil etilgan paytda, ultra-ortodokslar soni oz bo‘lganligi sababli, yahudiy dini matnlarini mutolaa qilishga bag‘ishlagan erkaklar amalda maxsus harbiy xizmatga bormaslik huquqiga ega bo‘lgan.
Jamoat yahudiylari hozirgi paytda Isroil yahudiy aholisining taxminan 14 foizini tashkil qiladi — ya’ni 1,3 million odam. Ulardan taxminan 66,000 nafari harbiy xizmat yoshida bo‘lishiga qaramay, bu imtiyozdan foydalanmoqda.
Ammo amaldagi Netanyahu hukumati G‘azo, Eron va Livanga olib borgan harbiy to‘qnashuvlar yuqoriligi fonida mamlakatda barcha fuqarolar belgilangan tartibda harbiy xizmatga borish talabini kuchaytirdi.
O‘tgan yili Isroil Oliy sudi yakdil qaror qabul qilib, yeshiva talabalari uchun maxsus istisno belgilagan qonunning yo‘qligi sababli, majburiy harbiy xizmat barcha erkaklarga teng tatbiq etilishi lozimligini belgiladi.
Sud qarori Netanyaxu hukumati uchun katta bosim yaratdi. Iyul oyida ultra-ortodoks siyosiy partiyasi — United Torah Judaism (UTJ) — koalisiyani tark etishini e’lon qildi.
Parlament hozirgi kunga qadar yangi harbiy chaqiruv to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqishga urinadi, lekin u ham ultra-ortodoks jamoa, ham armiya ehtiyojlarini qoniqtira olmayapti.
Isroilda 2026 yil oktyabr oyida prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtda mamlakatda 11 ta yangi siyosiy partiya ro‘yxatdan o‘tgan. Muxolifat partiya vakillari Netanyaxuni hokimiyatdan chetlatish strategiyalarini izlamoqda.
Ijtimoiy bo‘linish chuqurlashmoqda
Isroilda harbiy xizmat masalasi Isroilda faqat siyosiy emas, balki axloqiy va ijtimoiy inqirozning markazida turibdi. Dindor jamoalar uchun yeshivalar — yahudiylikni saqlab qolishning asosiy tayanchi, ularni yopish yoki talabalarni armiyaga chaqirish diniy hayotga tahdid sifatida ko‘riladi. Dunyoviy fuqarolar esa, aksincha, bu imtiyozni adolatsizlik deb biladi.
Bu tafovut Isroil jamiyatidagi eng chuqur bo‘linishlardan biriga aylanib, siyosiy barqarorlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kuzatuvchilar fikricha, hukumat bu masalada murosaga kelolmasa, mamlakatda navbatdagi siyosiy inqiroz bo‘lish ehtimoli juda yuqori.
Quddusdagi “Million kishi namoyishi” Isroil jamiyatidagi eng chuqur ideologik bo‘linishni yana bir bor yuzaga chiqardi. Diniy e’tiqod va davlat xavfsizligi o‘rtasidagi muvozanat izlab topilmaguncha, bu mojaro faqat siyosiy emas, balki madaniy va ma’naviy kurash sifatida davom etadi.