Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning o‘zi haqida aytgan gaplariga javob qaytarib, Quddus har doim Isroil hududi bo‘lib qolishini ma’lum qildi.
“Bu sizning shahringiz emas, bu bizning shahrimiz, janob Erdo‘g‘on! U har doim bizning shahrimiz bo‘lib qoladi va endi bo‘linmaydi”, - degan Netanyaxu.
OAVga ko‘ra, bu 2020 yilda Usmonli tarixi tufayli shahar Turkiyaga tegishli ekanligiga shama qilgan Erdo‘g‘onga javob bo‘lgan.
Netanyaxu, shuningdek, Amerika yetakchisi Donald Trampga Quddusni Isroil davlatining poytaxti sifatida rasman tan olgani va AQSh diplomatik missiyasini u yerga ko‘chirgani uchun minnatdorchilik bildirgan. Siyosatchi shunday qadam butun xalqaro hamjamiyat uchun o‘rnak bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘on Isroil Bosh vaziri haqida keskin bayonot berib, uni Adolf Gitlerga qiyoslagandi.
“Netanyaxu mafkuraviy jihatdan Gitler bilan bir xil. Gitler o‘zini kutayotgan mag‘lubiyatni oldindan ko‘ra olmaganidek, Netanyaxu ham oxir-oqibat shunday taqdirga duchor bo‘ladi” - degan edi Turkiya yetakchisi.