17 noyabr kuni qo‘shni Qozog‘istonning bir qator yirik shaharlarida havo ifloslanishi xavfi ortishi prognoz qilinmoqda. “Kazgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonning Olmaota, Ostona, Atirau, Oqto‘be, Chimkent, Qarag‘anda, Jezqazg‘an, Temirtau, Balxash, Ust-Kamenogorsk va Ridder shaharlarida noqulay meteorologik sharoit yuzaga kelishi kutilmoqda.
Mutaxassislar bunday sharoitni shamolning sustligi, tuman va atmosfera inversiyasi kabi omillar bilan izohlamoqda. Qisqa muddatli ushbu meteorologik holatlar atmosferaning yerga yaqin qatlamida zararli moddalar tarqalishini sekinlashtirib, ularning to‘planishiga sabab bo‘ladi.
Aholiga ochiq havoda imkon qadar kamroq bo‘lish, ayniqsa yirik avtomobil yo‘llaridan uzoqroq yurish tavsiya etilmoqda. Shuningdek, surunkali o‘pka kasalliklari, allergiya yoki yurak-qon tomir xastaliklari bo‘lgan fuqarolar zarur dori vositalarini o‘zlari bilan olib yurishlari lozimligi eslatib o‘tilgan.