Tokioda bo‘lib o‘tgan so‘nggi Olimpiya o‘yinlarida Qozog‘iston terma jamoasi 8 ta bronza medalini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Sakkiz nafar sovrindorning har biri davlatdan 75 ming dollar miqdorida pul mukofotlari oldi. Bu uchinchi o‘rin uchun mukofot pulining qiymatidir
Erkin kurashchi Nurislom Sanayev qozog‘istonlik sportchilardan birinchi bo‘lib mukofot pullarini xayriya qilishga qaror qildi.
«Men bolaligimdan Olimpiada oltin medalni qo‘lga kiritishni, muhtoj, kambag‘al va kasal bolalarga yordam berishni orzu qilardim. Shu sababdan, orzuimni amalga oshirish uchun men mukofot pulimning barchasini Qozog‘istonning kambag‘al oilalari va kasal bolalariga bermoqchiman. Ular baxtli bo‘lsin!» - deb yozgan Sanayev Instagram sahifasida.
Uning ortidan Tokio Olimpiadasi bronza medali sovrindorlari, Qozog‘iston terma jamoasi bokschilari Kamshibek Kunkaboyev va Saken Bibosinov o‘z mukofotlarini xayriya ishlariga topshirishga qaror qilishdi.
Xuddi shunday qaror qozog‘istonlik og‘ir atletikachilar Zulfiya Chinshanlo va Igor Son tomonidan ham qabul qilingan.
«Olimpiya terma jamoasidagi birodarlarimiz mukofot pullarini xayriya ishlariga sarflab, bizga yaxshi o‘rnak ko‘rsatdilar. Bizni, Olimpiada g‘oliblarini, davlat, federasiya va viloyat juda yaxshi qo‘llab-quvvatlaydi. Va bu ajoyib! Ammo shuni unutmasligimiz kerakki, bu mablag‘ga muhtoj odamlar bor. Shuning uchun, og‘ir atletika federasiyasi ko‘magida, mukofot pulimni yaxshi maqsadlarga yo‘naltiraman», - deya izoh bergan Chinshanlo.
Igor Son esa mukofot pulini Olmaota viloyatidagi muhtojlarga yordam berish uchun sarflaydi.
«Men o‘zim Kichik Ushtobe shahridanman va men imkon qadar ko‘proq viloyatlik o‘g‘il-qizlar mening ishimni takrorlashini xohlayman. Shuning uchun federasiyamiz yordamida mukofotimni hududimizdagi muhtojlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiraman», degan Son.