Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov Kaspiy dengizida harbiy xizmatchilar halok bo‘lishiga olib kelgan fojia yuzasidan o‘tkazilgan hukumat tekshiruvi natijalarini ma’lum qildi. Tekshiruvda harbiy mashg‘ulotlarni nazorat qilish, xavfni baholash va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik borasida jiddiy kamchiliklar aniqlangan. Bu haqda Tengrinews.kz xabar berdi.
Bektenovning aytishicha, xavfli omillarga yetarlicha e’tibor qaratilmagan, xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan tegishli nazorat o‘rnatilmagan. Shuningdek, mashg‘ulotlarning xavfli bosqichlarini o‘z vaqtida to‘xtatish bo‘yicha qarorlar kech qabul qilingan.
Bosh vazir Qozog‘iston Qurolli Kuchlarida xavfsizlikni kuchaytirish choralari ko‘rilayotganini ham ta’kidladi. Jumladan, harbiy mashg‘ulotlarni havodan kuzatish uchun uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanilmoqda. Ayrim bo‘linmalarda esa harbiy xizmatchilarning joylashuvi va jismoniy holatini nazorat qilish imkonini beruvchi shaxsiy qurilmalar joriy etilgan.
Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi «Qazgidromet» bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Endi harbiylar ob-havodagi o‘zgarishlar haqida muntazam ma’lumot olib boradi.
Fojia joriy yil sentyabr oyida Mangistau viloyatidagi harbiy mashg‘ulotlar vaqtida sodir bo‘lgan. Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ob-havoning keskin yomonlashishi va kuchli shamol harbiy vazifani bajarayotgan guruhni dengizga olib ketgan. Hodisa oqibatida bir necha harbiy xizmatchi halok bo‘lgan.
Voqeadan keyin Mudofaa vazirligi rahbariyati almashtirildi va jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Harbiy-dengiz kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni, uning sobiq o‘rinbosari — shtab boshlig‘i hamda boshqa mansabdor shaxslar hibsga olingan.
Fojiadan so‘ng Qozog‘iston hukumati Qurolli Kuchlarni isloh qilish rejalarini ham e’lon qildi. Ular orasida ikki bosqichli harbiy xizmatga chaqiruv tizimiga o‘tish va jangovar harakatlarni modellashtirish uchun maxsus trenajyorlarni joriy etish bor. Mudofaa vazirligi bu choralar harbiy tayyorgarlik sifatini oshirishi va mashg‘ulotlar xarajatlarini kamaytirishini kutmoqda.