Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bu haqda 29 avgust, Xalqaro yadroviy sinovlariga qarshi kurash kunida X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
"Xalqaro yadroviy sinovlarga qarshi kurash kuni Qozog‘iston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ta’sis etilgan. Xalqimiz atom quroli sinovlarining eng og‘ir oqibatlari qurboni bo‘ldi. Bu fojia takrorlanmasligi kerak. Biz kelajak avlodlar uchun tinchlikni mustahkamlashimiz, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishimiz, yadroviy qurolsizlanish va yadroviy sinovlardan voz kechish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshirishimiz kerak. Tinchlik va xavfsizlik - butun insoniyatni birlashtiradigan eng oliy qadriyatdir", — deya qayd etdi To‘qayev.
Ma’lumot uchun, 1949 yildan 1989 yilgacha Qozog‘istondagi Semipalatinsk poligonida SSSR tomonidan yadro sinovlari o‘tkazilgan. Bu davrda 450 dan ortiq yer usti va yer osti portlashlari amalga oshirilgan. 1991 yil 29 avgustda Semipalatinsk poligoni rasman yopilgan va Qozog‘iston yadro qurolidan ixtiyoriy ravishda voz kechgan birinchi davlatlardan bo‘lgan.