Qozog‘istonning "Tajen" (O‘zbekiston tomonida "Dovud ota") chegara o‘tkazish punkti uch oy muddatga faoliyatini to‘xtatadi. Bu haqda bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Qozog‘istonning “Tajen” (O‘zbekiston Respublikasining “Dovud ota”) chegara o‘tkazish punkti orqali shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari harakati 2025 yil 1 fevral sanasidan boshlab 3 oy muddatga vaqtincha to‘xtatiladi.
Mazkur cheklovlar chegara o‘tkazish punktlarida ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borilishi munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi tomonidan jismoniy shaxslar va transport vositalarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilmoqda.
Shu sababli ushbu davr mobaynida “Tajen” (Qozog‘iston) – “Dovut ota” (O‘zbekiston) chegara o‘tkazish punktlari orqali harakatlanuvchi shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari “Yallama”, "Zangiota (Navoiy chegara bojxona posti)", “Oq oltin” va “Malik” o‘tkazish punktlari orqali harakatlanishlarini so‘ralgan.
Shuningdek, jismoniy shaxslar uchun "Qoraqalpog‘iston" temir yo‘l o‘tkazish punkti orqali yo‘lovchi poyezdlari harakatlanadi.
Ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarining “Tajen” (Qozog‘iston) – “Dovut ota” (O‘zbekiston) chegara o‘tkazish punkti orqali harakati uzluksiz davom ettiriladi.