Bu haqda Birlashgan arab Amirliklarining WAM agentligi xabar berdi.
"Abu-Dabi federal apellyasiya sudi Davlat xavfsizlik palatasi Moldova-Isroil fuqarosi Svi Koganni o‘g‘irlash va o‘ldirishda ayblangan uch nafar O‘zbekiston fuqarosiga o‘lim jazosi, to‘rtinchi sudlanuvchiga esa umrbod qamoq jazosini tayinladi. Birlashgan Arab Amirliklari qonunchiligiga ko‘ra, o‘lim jazosi hukmlari ustidan avtomatik ravishda apellyasiya qilinadi hamda ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun Federal Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha kollegiyasiga yuboriladi", deb yozdi agentlik.
Eslatib o‘tamiz, Isroil va Moldova fuqaroligiga ega bo‘lgan 28 yoshli ravvin Svi Kogan (Abu-Dabidagi “Xobod” yahudiy diniy harakatining vakili bo‘lib, bir necha yil BAAda yashagan) 2024 yil noyabr oyida Dubayda bedarak yo‘qolgan, uning jasadi bir necha kundan keyin Ummon bilan chegaradosh Al-Ayn shahrida topilgandi. BAA qotillikda gumondor sifatida uch nafar o‘zbekistonlikni qo‘lga oldi. Isroil hukumati ravvinning o‘ldirilishini “aksilsemit terakt harakati” deb atagan.