Nukus shahrida 11 yanvar kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Samarqand veterinariya medisinasi institutining Nukus filiallari ochilib, ularda yangi o‘quv yili boshlandi. Shuning bilan hududda oliy o‘quv yurtlari soni 8 taga yetdi.
Ushbu filiallarning ochilishi xalqimiz, yoshlarimiz uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi, deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Dovutbay Qurbaniyazov. Prezidentimiz tomonidan oliy ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan keng qamrovli islohotlar Qoraqalpog‘istonda ham o‘z samarasini bermoqda. Yangi filiallarda talaba-yoshlarning har tomonlama teran bilim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialiga badiiy gimnastika, dzyudo, basketbol, voleybol, eshkak eshish, erkin kurash, maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda jismoniy tarbiya va sport sohalari bo‘yicha 50 nafar, Samarqand veterinariya medisinasi instituti Nukus filialiga veterinariya medisinasi (qora mollar kasalliklari), zooinjeneriya (yilqichilik va tuyachilik), zooinjeneriya (baliqchilik) sohasi bo‘yicha 30 nafar talaba qabul qilindi.
Muassasalarda o‘quv, laboratoriya, zamonaviy kompyuter xonalari, axborot-resurs markazlari mavjud bo‘lib, ular zarur adabiyotlar, sport inventarlari bilan ta’minlangan. Filiallar faoliyatini yanada takomillashtirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida mamlakatimizdagi, shuningdek, qator xorijiy mamlakatlardagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari hamda ilmiy-tadqiqot institutlari bilan yaqindan aloqalar o‘rnatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Manba: kruz.uz