Azov dengizi va Qora dengizda Ukraina dengiz dronlari bilan bog‘liq hodisalar xalqaro bahslarga sabab bo‘lmoqda. Savdo kemalariga qilingan hujumlar va dronlarning nazoratdan chiqishi bir qator davlatlarda turli reaksiyalarni keltirib chiqardi.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi 5 iyun kuni Azov dengizida ikki quruq yuk kemasiga qilingan hujum natijasida to‘rt nafar Ozarbayjon fuqarosi halok bo‘lganini, yana to‘rt nafar dengizchi jarohat olganini ma’lum qildi. Halok bo‘lganlar orasida «Natra» kemasi ekipaji a’zolari Rajab Ahadov va Mahammad Aliyev ham bor. Yana ikki jasad «Zirkon» kemasida qolgani aytilmoqda.
Shu bilan birga, Boku hodisa uchun kim javobgar ekanini ochiq bayon qilmadi va kemalar Ozarbayjon mulki emasligini ta’kidlab, rasmiy qoralash bildirishdan tiyildi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova esa kemalar Turkiyadan Rossiyaga yo‘l olganini va hujumlarda Ukraina dronlari ishtirok etganini aytib, Kiyevni aybladi. Ukraina tomoni esa savdo kemalariga zarbalarni rad etmaydi, ammo ularni Rossiyaning «soya floti» bilan bog‘laydi.
Ruminiyada esa vaziyat boshqacha baholandi. 5 iyun kuni Konstansa portida Ukraina dengiz droni portlab ketganidan keyin Ruminiya prezidenti Nikushor Dan hodisa uchun Rossiyaning radioelektron kurash tizimlari sabab bo‘lganini aytdi va dron Ukrainaga tegishli ekanini tasdiqladi. Shu bilan birga, mamlakat rasmiylari mavjud nazorat tizimlari bunday yangi turdagi dengiz dronlarini samarali aniqlay olmasligini ham tan oldi.
Gresiya esa eng qattiq pozisiyani bildirdi. May oyida Lefkada oroli yaqinida Ukraina dengiz droni topilganidan so‘ng Afina Kiyevga norozilik notasi yubordi va keyinchalik rasman uzr so‘radi. Gresiya TIV Ukrainaga bir necha asosiy e’tirozlarni bildirdi: dronlarning O‘rta yer dengizigacha yetib kelishi milliy xavfsizlikka tahdid solishi, navigasiya xavfsizligini buzishi va ekologik xatarlarni kuchaytirishi ta’kidlandi.
Gresiya tomoni, shu bilan birga, Ukraina o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekanini tan olsa-da, bunday harakatlar tinch mintaqalar uchun oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligini qayd etdi va kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligini talab qildi.
Umuman olganda, bir xil voqealar turli davlatlarda turlicha qabul qilinmoqda: Ozarbayjon ehtiyotkor, Ruminiya Kiyevni qo‘llab-quvvatlovchi, Gresiya esa xavfsizlik nuqtai nazaridan qattiq pozisiyada turibdi. Bu esa dengiz dronlari urushda yangi va bahsli bosqichni boshlab berganini ko‘rsatmoqda.