O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qo‘shni qardosh Qirg‘iziston Respublikasining Batken viloyati Margun qishlog‘idagi 330 o‘rinli umumiy o‘rta ta’lim maktabi qurilishiga o‘tgan yilning iyul oyida start berilgandi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatdi.
O‘zbekistonlik qo‘li gul bunyodkorlar eng zamonaviy maktabni qisqa fursatlarda qurib, jihozlab berdilar. Ta’lim muassasidagi barcha sinf xonalari shinam va yorug‘, qulay zamonaviy partalar, so‘nggi rusumdagi kompyuter xonalari bilan ta’minlandi. Shuningdek, maktabning oshxonasi, sport va faollar zallari ham zamon talablari asosida jihozlandi.
Mazkur maktabning ochilish marosimida onlayn videokonfrensiya tartibida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi Akilbek Japarov qatnashdi.
Unda hamkorlikdagi bunday tadbirlar ikki qardosh xalqlar do‘stligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga alohida ta’kidlab, o‘zaro hamkorlik kengayib borayotganiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Zamonaviy yangi maktabning ochilish tantanalarida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov, Qirg‘iziston Respublikasi ta’lim va fan vaziri Almazbek Beyshenaliyev ham qatnashib, hukumatlar rahbarlari roziligi bilan maktabning ramziy tasmasini qirqdilar.
Tadbir yakunida maktab o‘quvchilari o‘zlari tomondan tayyorlangan konsert dasturlari bilan mehmonlarni xushnud etdilar.