Qirg‘iziston polietilen paketlarni ishlab chiqarish, sotish va ishlatishdan butunlay voz kechadi, deb xabar berdi MIR 24. Tegishli qonun Qirg‘iziston parlamenti tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va davlat rahbariga imzolash uchun yuborildi.
Unga ko‘ra, 2024 yildan boshlab respublikada paket ishlab chiqarish to‘xtatiladi. Ularni tarqatish to‘liq taqiqlanganidan so‘ng, mijozlarga plastik paketlar o‘rniga qog‘oz yoki matodan tayyorlangan eko-paketlar taklif etiladi. Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatidagi do‘konlar allaqachon polietilen paketlardan butunlay voz kechgan.
Polietilen paketlardan voz kechilishiga asosiy sabab atrof-muhitning ifloslanishi masalasi bo‘lib, ularning to‘liq parchalanishi uchun qalinligi va zichligidan kelib chiqib 5-15 yil kerak bo‘ladi. Suvda ular 500 yil davomida parchalanishi mumkin.
Avvalroq, Gruziya va Moldova birinchilardan bo‘lib polietilen paketlarni ishlab chiqarish va sotishdan voz kechgan edi. Qozog‘iston ularga qo‘shilishga tayyor, Tojikistonda tegishli qonun ishlab chiqilmoqda.