Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati qirg‘iz-tojik chegarasining Botken viloyatidan o‘tuvchi qismida keng ko‘lamli muhandislik ishlarini yakunladi.
Qirg‘iziston Respublikasi Davlat chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-2026 yillarda Botken va Leylek tumanlarida 327,7 kilometrdan ortiq chegara to‘siqlari o‘rnatildi, shuningdek, 338,5 kilometr dala yo‘llari qurildi.
Davlat chegarasini muhandislik jihatidan jihozlashda turli xil to‘siqlardan foydalanildi. Chegara o‘tadigan hududlarning relyefi va sharoitlaridan kelib chiqib, har xil konstruksiyalar tanlandi.
Foto: Gosudarstvennaya pogranichnaya slujba Kirgizskoy Respubliki
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, chegara tekisliklar, tog‘li va baland tog‘li hududlar, shuningdek, olis tumanlardan o‘tadi. Tik qiyaliklar kabi murakkab relyefli joylar qurilish materiallari va uskunalarini yetkazib berishni qiyinlashtirdi.
Foto: Gosudarstvennaya pogranichnaya slujba Kirgizskoy Respubliki
“Davlat chegara xizmati bilan bir qatorda, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar va Ichki ishlar vazirliklari, shuningdek, Davlat bojxona xizmati bo‘linmalari ham ishlarga jalb etildi. Davlat organlarining hamjihatlikdagi hamkorligi tufayli chegaraning eng murakkab va yetib borish qiyin bo‘lgan uchastkalarida ham keng ko‘lamli muhandislik ishlari amalga oshirildi. Qurilish davomida o‘rnatilgan to‘siqlarning sifati va texnik talablarga rioya etilishi doimiy nazorat ostida bo‘ldi”, — deyiladi bayonotda.