Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ommaviy axborot vositalariga oid yangi qonunni imzoladi. Ushbu qonunda chet ellik egalari uchun cheklovlar va internet platformalarni ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati belgilangan.
Prezident Sadir Japarov “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Hujjatda tahririyatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, ularning ishlash qoidalari va huquqiy maqomi, shuningdek, jurnalistlar uchun javobgarlik va kafolatlar ko‘rsatilgan. Qonunning asosiy qoidalarini Prezident matbuot xizmati e’lon qildi.
Qonunga ko‘ra, chet el fuqarolari va kompaniyalari Qirg‘izistonda faoliyat yurituvchi OAV ustav kapitalida 35%dan ortiq aksiya, ulush yoki payga ega bo‘la olmaydi.
Tahririyatlarga anonim manbani — ya’ni ma’lumot bergan shaxsni fosh etmaslik huquqi saqlab qolingan. Bu huquq faqat sud qaroridan keyingina cheklanishi mumkin.
Qonun senzura va mansabdor shaxslar tomonidan har qanday shakldagi bosimni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlaydi. Shuningdek, tahririyat yoki muassis faoliyatiga aralashish ham man etiladi.
Hujjatda OAVni ro‘yxatdan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, faoliyatini to‘xtatish va yopish tartiblari ham ko‘rsatilgan. Ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq ma’lumotlar adliya organlari reestriga kiritilgandan so‘ng OAV faoliyatini boshlashi mumkin. Nashr faqat sud qarori yoki muassis tashabbusi bilan to‘xtatilishi yoki yopilishi mumkin.
Alohida e’tibor internet OAVga qaratilgan. Qonunning yakuniy versiyasida nafaqat an’anaviy media, balki veb-saytlar va bloglarni o‘z ichiga olgan onlayn-platformalar ham majburiy ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozimligi belgilangan. Avvaliga bu ixtiyoriy bo‘lishi kerakligi muhokama qilingan edi, ammo oxirgi tahrirda majburiyligi mustahkamlandi.
Qonunda shuningdek, jurnalistlarning huquqlari, axborotga kirish tartibi va tahririyatlarni javobgarlikdan ozod qilish holatlari ham aniqlashtirilgan.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur qonun Qirg‘izistonda mustaqil, raqobatbardosh va mas’uliyatli OAVni rivojlantirishga qaratilgan.