Raqobat qo‘mitasi mamlakatdagi 878 ta dorixonada dori vositalarining narxi oshirilganini aniqladi. Joriy yilda 100 mingdan ortiq holatda xaridorlardan 7 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ asossiz olingan.
Yil boshidan buyon 878 ta dorixona (295 ta ulgurji va 583 ta chakana) tomonidan 107 773 ta holatda iste’molchilardan 7 mlrd so‘mdan ziyod ortiqcha to‘lovlar undirilgan. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, ortiqcha to‘langan mablag‘lar iste’molchilarga qaytarildi, deyiladi xabarda.
Jumladan, 405 ta dorixonada (162 ta ulgurji va 243 ta chakana) dori vositalari narxlari oshirilgani sababli asossiz ravishda olingan 2 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ 58 318 ta holatda iste’molchilar foydasiga qayta hisoblab chiqilib, ularning huquqlarini tiklash choralari ko‘rildi.
Shuningdek, dori vositalari narxlarining oshirilishi yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolardan 800 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularni ko‘rib chiqish natijasida 100 mln so‘mga yaqin pul mablag‘ iste’molchilarga qaytarilgan.
2023 yil may oyida Raqobat qo‘mitasi FAIR Tech axborot tizimida alohida modulni joriy qilgandi. «Soliq» mobil ilovasi orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid qilish bilan bog‘liq kvitansiyalarning QR kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda belgilangan ustamalardan ortiq miqdor aniqlansa, tizim avtomatik ravishda qo‘mitaga bildirishnoma yuboradi. Keyin ortiqcha miqdor iste’molchiga qaytariladi.
Dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji va chakana savdosi maksimal savdo ustamalarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Ulgurji savdo uchun bu xarid narxining 15 foizidan, chakana savdo uchun esa ulgurji narxning 20 foizidan ko‘p emas.
Qo‘mita dorixonalarga narxlarni belgilashda amaldagi talablarga rioya qilish va o‘z faoliyatini qonun hujjatlariga qat’iy rioya qilgan holda olib borish zarurligini eslatdi.