Qotillikdan keyin 33 yoshli ayol o‘z xohishi bilan IIBga borib, qilgan ishini tan olgan.
1 sentyabr kuni soat 13:00 larda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanining “Yangi qishloq” mahallasida og‘ir jinoyat sodir bo‘ldi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 33 yoshli ayol oilaviy kelishmovchilik chog‘ida qaynonasiga oshxona pichog‘i bilan jarohat yetkazgan. Natijada ayol og‘ir tan jarohatlaridan voqea joyida vafot etgan.
Jinoyat sodir bo‘lganidan so‘ng gumonlanuvchi ichki ishlar bo‘limiga borib, qilgan ishini tan olgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayol qo‘lga olingan va qamoqqa olingan.
Tergov organlari voqeaning barcha jihatlarini o‘rganmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, gumonlanuvchi 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.