Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida voyaga yetmagan bolalarga ruxsatsiz diniy ta’lim berib kelgan shaxsga nisbatan qonuniy choralar ko‘rildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida fuqaro V.I. o‘z yashash xonadonida Kitob, Chiroqchi va Toshkentdan kelgan 9 nafar voyaga yetmagan bolaga “Qur’oni karim” hamda “Muallimi soniy” kitoblari asosida maxsus ruxsatsiz diniy saboq o‘tkazib kelgani fosh etildi. U ushbu ta’lim uchun har bir o‘quvchidan 100 AQSh dollari miqdorida to‘lov olgan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, diniy ta’lim faqat tegishli lisenziyaga ega bo‘lgan tashkilotlar va vakolatli shaxslar tomonidan o‘tkazilishi mumkin.
Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-moddasi asosida hujjatlar rasmiylashtirilib, ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Kitob tuman sudiga yuborildi.