Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan soliq qarzdorligini undirish haqidagi sud qarorlari va soliq organlari qarorlarining ijrosi ta’minlanmoqda.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida soliq qarzdorliklarini undirish bilan bog‘liq 837,7 milliard so‘mlik 26 ming 436 ta ijro hujjatining ijrosi ta’minlanib, amalda 302,8 milliard so‘m undirildi. Qoldiqdagi ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash maqsadida qarzdorlarga tegishli 21,5 milliard so‘mlik 58 ta ko‘chmas mulk va turli xil avtotransport vositasi xatlanib, auksion savdolariga chiqarilgan.
Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi soliq boshqarmasining 2024 yil 23 apreldagi qaroriga asosan qarzdor “EURO BETON” mas’uliyati cheklangan jamiyatdan 164,2 million so‘m soliq qarzdorligini undirish belgilangan. Ushbu qaror Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushib, bo‘lim tomonidan ijro harakatiga kirishilgan.
Xususan, bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga ushbu ijro hujjati ijrosini ta’minlash uchun 15 kunlik ixtiyoriy muddat berilib, sud qarorining ijrosini ta’minlamaslikning salbiy oqibatlari tushuntirilgan. Shunga qaramasdan, qarzdor tomonidan ijro hujjati talabi ixtiyoriy ravishda bajarilmaganligi sababli, qarzdorga tegishli bahosi 437 million so‘mlik SINOTRUK HOWO rusumli yuk avtomashinasi tegishli tartibda xatlovga olingan va elektron onlayn-auksion savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarilgan.
Joriy yilning 11 noyabr kuni o‘tkazilgan auksion savdolarida avtotransport vositasi sotilib, sotuvdan tushgan pul mablag‘i byudjet oldidagi qarzini qoplash uchun yo‘naltirildi.