Bugun 22 noyabr, 2024 yil, juma

КИР

Qarshi tumanidagi maktabda dars asfalt ustida o‘tkazilgan. Tuman hokimligi voqea sababini izohladi

Qarshi tumanidagi maktabda dars asfalt ustida o‘tkazilgan. Tuman hokimligi voqea sababini izohladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi 6-maktab o‘quvchilari maktab hovlisida dars o‘tayotgani tasvirlangan video tarqaldi. “Facebook”dagi «Potrebitel.uz» guruhida qoldirilgan xabarda maktabda sinfxonalar yetishmasligi sabab ingliz tili darsi hovlida o‘tilgani haqida aytildi.

Dastlab Qarshi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri ushbu video va suratlar tumandagi maktablarga oid emasligini ma’lum qilgandi.

Keyinroq Qashqadaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va Qarshi tumani hokimligi ushbu holatni o‘rganib chiqdi va tumandagi 6-maktabda dars chindan ham asfalt ustida o‘tkazilganini tasdiqladi.

 «Qarshi tumanidagi 6-maktabda dars mashg‘uloti asfalt ustida o‘tkazilganligi aks etgan videolavhadagi holat yuzasidan tegishli ma’lumotlar Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi, tuman hokimligi hamda tuman matbuot xizmati tomonidan o‘rganib chiqildi.

Maktab quvvati 1060 o‘quvchi o‘rniga ega. Ayni paytda mazkur ta’lim dargohida 1884 nafar o‘quvchilar ta’lim-tarbiya olmoqda. Unda 141 nafar o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatadi. Ushbu maktab uchun 2018 yil 420 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilib barcha jihozlar, parta va stullar yetarli darajada ta’minlangan va dars mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun sinfxonalar to‘liq yetarli. Maktabda sinf soni 60ta. Darslar 2 navbatda o‘qitiladi. Jami 27ta sinfxona, 5ta qo‘shimcha sinfxona, 6ta fan kabinetlari va darslar bo‘lib o‘qitiladigan 12ta kichik xonalar mavjud.

Mazkur videolavhadagi holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazilganda, quyidagilar aniqlandi: maktabning VI «G» sinfida 1-guruhda Dilafro‘z Hasanova hamda 2-guruhda Maftuna Zaripova dars berishadi. Sinfda o‘quvchilar soni 32 nafarni tashkil etadi. Asfalt ustida o‘tkazilgan dars aks etgan videolavhadagi holat yuzasidan Dilafro‘z Hasanova quyidagicha izoh berdi: 2019 yil 10 oktyabr kuni Dilafro‘z Hasanova VI «G» sinfda tasdiqlangan dars jadvali asosida 4-soatda darsini o‘tgan. Mavzu tabiat manzaralariga oid bo‘lganligi sababli dars mashg‘uloti tugashiga 10 daqiqa qolganida o‘quvchilarni maktab hovlisiga olib chiqqan va mavzuga doir ma’lumotlarni o‘quvchilarga shu yerda tushuntirishga harakat qilgan. Ingliz tili fani metodbirlashma rahbari D.Erkayeva esa dars mashg‘ulotini o‘qituvchi Qo‘ziboyeva Nodiraning telefoni orqali videoga olgan. D.Erkayevaning aytishicha, u shunchaki tasvirga olgan va videolavha bunday tarqalib ketishini bilmaganidan afsuslanmoqda. Bunday holatning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketganligidan o‘qituvchi D.Hasanova ham afsusda ekanligini bildirdi.

Qarshi tuman hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, maktabdagi barcha sinflarda darslar belgilangan jadval asosida o‘z vaqtida o‘tilmoqda. O‘quvchilarga joy yetishmasligi muammosi yo‘q.

Mazkur holat yuzasidan ishchi guruh tomonidan maktab jamoasi va mas’ullarga tushuntirish berildi. Bundan buyon ta’lim-tarbiya jarayoniga yanada e’tiborli bo‘lishlari ta’kidlandi», deyiladi Qarshi tumani hokimligi axborot xizmati xabarida.

Bundan oldinroq Farg‘ona shahridagi 24-sonli umumta’lim maktabining 1-sinf o‘quvchilariga partalari yo‘q sinfda, polda o‘tirib dars o‘tilayotgani tasvirlari tarqalgandi. Xalq ta’limi vazirligi bu holat yuzasidan izoh berib, maktabdagi barcha sinflarda darslar belgilangan jadval asosida o‘z vaqtida o‘tilayotgani, o‘quvchilarga joy yetishmasligi muammosi yo‘qligini bildirgandi.

Maktab direktori Ixtiyor Mamajonovning  ta’lim muassasasida 2 oktyabr kuni eski partalar yangilariga almashtirilgani, yangilari qo‘yilguncha ayrim xonalarda partalar bo‘lmagan va internetda tarqalgan surat shu jarayonda olingani, sinfda partalar 20 daqiqa davomida bo‘lmagan, hozirda sinfxonalar parta va stullar bilan to‘liq ta’minlanganini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, sentyabr oyida ham maktab o‘quvchilari polda o‘tirgani tasvirlari tarqalgandi.

O‘shanda Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 4-inf o‘quvchilari stol-stulsiz polda o‘tirgani aks etgan surat tarqalgan, Navoiy viloyati hokimligi bu surat dars vaqtida emas, yakshanba kuni olinganini aytsa, maktab o‘qituvchisi bu surat parta va stullarga hojat bo‘lmagan xonada, maxsus dars vaqtida olinganini tan olgandi.

Kiritildi: 14:36 13.10.2019. O'qildi: 4282 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!