Qashqadaryo viloyatida soliq xodimi va MCHJ rahbarining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgani ma’lum qilindi.
Keltirilishicha, Qarshi shahar Soliq inspeksiyasining soliq ma’murchiligi sho‘basi bosh inspektori o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, 2 ta dorixona rahbarining ishonchiga kirgan va unga nisbatan qo‘llanilgan 150 mln so‘m miqdoridagi soliq qarzdorligini sud organlaridagi tanishlari orqali bartaraf qilib berish evaziga 50 mln so‘m talab qilgan.
Lekin DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘idan 10 mln 400 ming so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Qarshi shahrida kuzatilgan boshqa holatda esa, mahalliy MCHJ rahbari mansabdor tanishlari orqali transport vositalarini ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi MCHJga bankdan 1 mlrd 500 mln so‘m kredit olib berish evaziga, uning rahbaridan 84 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.