Toshkent ko‘chalari faqat chiroyli ko‘chalardan iboratmi? Afsuski shunday ko‘chalar ham bor ekanki... Aftidan bu ko‘chaga hech bir mas’ul hech qachon bosh suqmagan. Aks holda bu tor ko‘chadan temir izlar o‘tgani yetmaganday, qarovsiz, abgor bo‘lmas, ikki yoni axlatga to‘lib ketmagan bo‘larmidi?
Bu Olmazor tumani Miskin mahallasi Magazin-mavzuk ko‘chasi. Bu yo‘ldan avtomobil tugul poyi-piyoda bir tekis yurishning imkoni yo‘q.

To‘g‘ri, bu kichik ko‘chada joylashgan xonadonlar ko‘p emas. Lekin kam bo‘lsa-da bu yerda insonlar istiqomat qiladi. Ularning issig‘i, sovug‘i bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Tez yordam chaqirilsa uning qayerdan, qanday kirib kelishi muammo. Yong‘in o‘chirish mashinasi-ku, bu yerga kira olishi dargumon. Tor va yaroqsizligi yetmaganday, aholi istiqomat qilayotgan ko‘cha boshiga katta temir darvoza o‘rnatilganiga nima deysiz?
Shu ko‘chaga tutash hududda faoliyat yuritayotgan "Palmy flower" va "Marsa-MXA" tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘rnatilgan darvozaning «darvozabon»lari ham bor ekan. Ular kimni xohlasa ichkariga kiritadi, istamasa yo‘q. Kira olmagan faqir 2-3 chaqirim yo‘l bosib o‘z uyiga boshqa aylanma yo‘llar orqali kirishga majbur bo‘ladi.
Darvoza qorovullaridan biri Ilhom ismli yigitdan bunga izoh so‘raganimizda u «Darvozadan hammani kiritamiz», deb javob berdi. Biroq bu yerda istiqomat qilayotgan aholi buning aksini aytmoqda.
Aslida bu ko‘chaga shu yerda istiqomat qiluvchi Safobek Bo‘kxo‘jayevning agentligimizga yo‘llagan shikoyati asosida kelgandik. Ammo uning xonadoniga kelguncha shuncha muammoga guvoh bo‘ldik.
S.Bekxo‘jayev Magazin-mavzuk ko‘chasi 99 «a» uyda istiqomat qiladi. Uning otasidan meros bo‘lib qolgan hovli-joyi umumiy maydoni 16,56 sotixni tashkil etgan. Bu Olmazor tumani davlat yer resurslari va kadastr bo‘limi tomonidan berilgan hujjatda qayd etilgan.
To‘qqiz farzandning otasi bo‘lgan S.Bekxo‘jayev ikkinchi guruh nogironi. Otaxonning xonadonida joy yetishmagani uchun uning to‘rt o‘g‘li, kelinlari va nabiralari ayni paytda boshqa uylarda ijaraga yashashadi. Boisi ularning xonadoniga yonma-yon binoda joylashgan "Palmy flower" tadbirkorlik sub’ekti S.Bekxo‘jayevga tegishli yer maydonining qariyb 13 sotixini egallab olgan.
Mazkur tadbirkorlik sub’ekti va S.Bekxo‘jayev o‘rtasidagi mojaro bir necha yillardan beri davom etib kelmoqda.
Lekin bu manzilni ko‘zdan kechirib, bu yerda ko‘proq Bekxo‘jayevlar oilasi aziyat chekayotganiga guvoh bo‘ldik. Uning torgina hovlisida erkin yashashga sharoit yo‘q. Bu kichkina xonadon tadbirkorning ko‘kka bo‘y cho‘zgan devorlari soyasida yo‘q bo‘lib ketayotgandek.
Bu muammo bilan turli ommaviy axborot vositalarida qilingan chiqishlarni ko‘zdan kechirib, ularning biror natijasi bo‘lmagani kishini taajjubga soladi.
Bir inson mana to‘rtinchi yildirki sudma-sud, idorama-idora sarson. Tilga olinayotgan muammo bilan bog‘liq bir dunyo hujjatlardagi faktlarni qalamga olsak kamida bir roman bo‘lgulik.
Maqsadimiz internet-sayt, gazeta va televideniya orqali qayta-qayta bong urilgan ushbu masalaga Toshkent shahar hokimligining e’tiborini qaratish va quyidagi savollarga javob topishdir:
Nega aholi o‘zi istiqomat qilayotgan ko‘chaga emin-erkin kirib chiqa olmayapdi? Odamlar xavfsizligiga putur yetkazishi, ya’ni tezkor xizmat avtomobillari kirishiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan darvozaning ko‘cha qatnov qismiga o‘rnatilishi shartmi? Odamlar yashayotgan, ular yuradigan ko‘cha nega bunchalar qarovsiz? Nega bir oila shuncha yil iztirob iskanjasiga yashamoqda? Nega ularning holidan, muammosidan hech kim xabar olmagan?
"Uza.uz"dan olindi.