Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, agar yarashtirish taomillari orqali jamoaviy mehnat nizosini hal qilishning iloji bo‘lmasa, mehnat jamoasi ish tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Ish tashlashda qatnashish ixtiyoriydir. Hech kim ish tashlashda qatnashishga yoki unda qatnashmaslikka majbur qilinishi mumkin emas.
Ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror tashkilot xodimlarining umumiy yig‘ilishida qatnashayotgan xodimlarning 50 foizidan ko‘prog‘i yoqlab bergan ovozi bilan qabul qilinadi.
Qaror qabul qilish ish tashlash boshlanishidan kamida 1 oy oldin amalga oshiriladi.
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror haqida ish beruvchini qaror qabul qilingan paytdan 1 ish kunidan kechiktirmay yozma ravishda xabardor qilishi kerak.
Ish beruvchi bo‘lajak ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risida yozma xabarnomani olgan paytdan e’tiboran 1 ish kunidan kechiktirmay jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlarini yozma ravishda ogohlantiradi.
Ish tashlashga kasaba uyushmasi qo‘mitasining vakolatli vakili rahbarlik qiladi.
Xodimning ish tashlash bilan bog‘liq jarayonda ishtirok etgani uni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin emas.
Ish tashlash paytida unda ishtirok etadigan xodimning ish joyi va lavozimi saqlanib qoladi.
Ish beruvchi xodimga u ish tashlashda qatnashgan vaqtida ish haqini to‘lamaslik huquqiga ega.
Ish tashlash insonlarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazish real xavfini keltirib chiqarsa, tinchlik va xavfsizlikka, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga, ekologik barqarorlikka tahdid solsa, sudning qaroriga asosan:
➖e’lon qilingan ish tashlashning boshlanish vaqti 30 kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga kechiktirilishi;
➖ish tashlash 30 kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turilishi mumkin.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.