Qadimda misrliklar mushukni muqaddas hayvon deb hisoblashgan va unga zarar yetkazgan odamlar qattiq jazolanishi, hatto o‘limga mahkum etilishi mumkin bo‘lgan.
Miloddan avvalgi XI asrda forsliklar Misr madaniyatini yaxshi o‘rgangan va keyin ularga qarshi urush boshlagan.
Miloddan avvalgi 525 yilda qadimgi Misrning Peluziy shahri yaqinida Kambiz II boshchiligidagi fors qo‘shinlari Misr fir’avni Psammetix III askarlari bilan uchrashdi. Misr qo‘shinlari forslardan son jihatdan ustun bo‘lgan, shuningdek ularning ortida mustahkam Peluziy shahar-qal’asi joylashgan edi. Bundan tashqari, Nil bo‘yida joylashgan fir’avn qo‘shinlari mudofaa bo‘yicha ham ustunlikka ega edi. Ammo Psammetix III qaqshatqich mag‘lubiyatga uchragan va mamlakatni dushmanlar qo‘liga topshirib, poytaxtga chekinishga majbur bo‘lgan. Misrliklar forslarga kamondan ham o‘q uza olmagan, nayza va qilich bilan ham hujum qila olmagan. Bunga esa forslarning qalqon sifatida mushuklardan foydalangani sabab bo‘lgan. Ular qo‘llariga qalqonning o‘rniga mushuk ko‘tarib olgan va dushman yaqinlashi bilan uni misrliklarga qarab uloqtirishgan. Misrda mushuk muqaddas hayvon deb qaralgani sabab ular mushuklarga zarar yetkaza olmagan va fors askarlaridan qochishga majbur bo‘lgan. Shunday qilib forslar ustalik bilan o‘zlaridan bir necha baravar ko‘p bo‘lgan misr qo‘shinlarini mag‘lub etgan.